28 октябр 2026
O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Nazariy fizika instituti direktori, akademik Bobomurod Ahmedov Xitoy Xalq Respublikasining Harbin shahrida joylashgan Harbin Institute of Technology, School of Physicsda o‘tkazilayotgan xalqaro ilmiy tadbirlar doirasida ilmiy hamkorlikni rivojlantirish va yosh tadqiqotchilar bilan tajriba almashishda ishtirok etmoqda.
2026-yil 29-sentabrdan 28-oktabrga qadar O‘zbekiston va Qozog‘istonning olti nafar yosh tadqiqotchisi Harbin Institute of Technologyda xalqaro ilmiy stajirovka o‘tamoqda. Mazkur stajirovka nazariy fizika, astrofizika, gravitatsiya va kosmologiya yo‘nalishlarida ilmiy izlanishlarni rivojlantirish, xalqaro tajriba almashish hamda yosh olimlarning ilmiy salohiyatini oshirishga qaratilgan.
Akademik Bobomurod Ahmedovning xalqaro ilmiy muloqotdagi ishtiroki nazariy fizika va gravitatsiya sohalaridagi ilmiy tajribani yosh tadqiqotchilar bilan baham ko‘rish, ularning izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro ilmiy aloqalarni mustahkamlash nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga ega.
Stajirovka davomida ishtirokchilar Harbin Institute of Technologyda tashkil etilayotgan ilmiy seminarlar va akademik tadbirlarda o‘z tadqiqotlari yuzasidan ma’ruzalar bilan qatnashib, ilmiy natijalarini xalqaro hamjamiyat bilan muhokama qilmoqdalar. Bunday uchrashuvlar yangi ilmiy g‘oyalar almashinuvi, istiqbolli tadqiqot yo‘nalishlarini belgilash va kelgusidagi qo‘shma loyihalar uchun zamin yaratadi.
Mazkur xalqaro ilmiy hamkorlik O‘zbekiston, Qozog‘iston va Xitoy o‘rtasidagi akademik aloqalarni yanada mustahkamlash, nazariy fizika sohasidagi qo‘shma tadqiqotlarni kengaytirish hamda yosh olimlarning xalqaro ilmiy maydondagi ishtirokini rivojlantirishga xizmat qiladi.